Oila bu muqaddas dargoh. Har bir inson baxtli oila egasi bo’lishni istaydi, baxt izlab oila quradi. Ammo, oila qurish baxtli bo’lishga kafolat bermaydi. So’nggi 20 yil ichida O’zbekistonda oilalar ajrashishishi ko’payib bormoqda. Ushbu maqolamizda ajrashishning yaxshi yoki yomon tomonlari haqidagi mulohazadan tiyilgan holda O’zbekiston bo’ylab o’sib borayotgan ajrashish tendensiyasi haqida gaplashamiz. Qay bir hududda ajrashishlar kam-u qay birida ko’p, birma-bir ko’rib chiqib, viloyatlar misolida tahlil qilishga harakat qilamiz.
Toshkent shahri va viloyati
Turli etnik guruh va ijtimoiy qatlam egalari istiqomad qiluvchi Toshkent shahrida ajrashishlar soni har qaysi viloyatga nisbatan yuqori darajada. Poytaxtda yiliga o’rtacha 4,150 ta oila rasman ajrashadi. Toshkent kabi katta metropolisda ajralishlar soni ko’p bo’lishi yangilik emasdek tuyulsa ham, hayratlanarlisi so’nggi 20 yil ichida bu yerda ajrashishlar darajasi o’smagan. Ya’ni, 2000 yili 2,595 oila rasman ajrashgan bo’lsa, bu ko’rsatgich 2019 yilga kelib 4,529 taga yetgan. Bundan kelib chiqib, Toshkent shahrida ajralishlar ko'rsatgichi avvalgidek deb xulosa qilsa bo’ladi.

Toshkent viloyatida esa, oilalarning ajrashishlari avvalgiga qaraganda ko’payib borayotganini ko'rish mumkin. Toshkent viloyatida yiliga o’rtacha 2,700 ta oilalar buzilayotgani, so’nggi 20 yil ichida ajrashishlar darajasi 40% ga ko’paygani ham fakt. Hattoki 2017 yili Toshkent viloyatida Toshkent shahriga nisbatan ko’proq ajrashish kuzatilgan.
Andijon viloyati
O’zbekistonda ajrashish tez suratda ko’payib borayotgan viloyat Andijon hisoblanadi. O’tgan 20 yil ichida Andijonda ajrashishlar soni juda ham ko’payib, 2000 yildagiga nisbatan yillik ajrashishlar 3.5 barobarga ko’paygan. Bu tendensiya 2009 yildan boshlab mazkur viloyatda juda ko’payib bormoqda.

Navoiy viloyati
O’zbekiston bo’ylab ajralishlar soni ortib borar ekan, o’tgan 20 yil ichida ajrashishlar darajasi kamaygan yagona viloyat Navoiy viloyati hisoblanadi. 2000 yilda 1089 ta oila rasman ajrashgan bo’lsa, 2019 yilda 942 ta oila egalari ajrashishni ma'qul ko’rishgan. Albatta, ajrashishlar sonining pastligi viloyatdagi mazkur holat sabablarini o'rganishga undaydi kishini. Balkim navoiyliklar oila qurishga boshqacha yondashishar. Viloyatning o'ziga hosligi va ajrashishlarning boshqa sabablari haqida alohida bir maqolamizda to'xtalamiz.

Farg'ona va Namangan viloyatlari
Vodiyning ushbu ikki viloyatida ajrashish tempi qanaqa ahvolda. Afsuski, o’zining hushmuomalasi va mehmondo’stligi bilan nom taratgan vodiyliklar orasida ham ajrashish keng tarqalgani kuzatilmoqda. 2012 yildan boshlab Farg’ona va Namanganda ajrashishlar soni keskin ortgan. Far’gonada, 2000 yilga nisbatan hozirda yiliga 40% dan ko’proq oilalar ajrashishni yechim sifatida tanlashmoqda. Namanganda esa o’tgan 20 yil ichida oilalarning ajrashish surati 2 barobarga ko’paygan.

Samarqand viloyati
Samarqandliklar ham ajrashish borasida poytaxtliklarga “yetib” olishmoqda. Vatanimizning tarixiy durdonalarini o’zida mujassam etgan Samarqandda ham so’nggi 20 yil ichida yillik ajrashishlar darajasi 2 barobarga ko’paygan. 2000 yilda 1,800dan oshiqroq oilalar ajrashgan bo’lsa 2019 yilda 3,500 ga yaqin oila birga bo’lishni istashmagan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi
Yurtimizning eng g’arbida joylashgan vatandoshlarimiz ham borgan sari ko’proq ajrashishga majbur bo’lishmoqda. Zero ajrashishlar soni boshqa viloyatlarga nisbatan ancha kam bo’lsada, bu yerda ham hozirda yiliga 2 barobar ko’proq oilalar barbod bo’lmoqda. 2008 yildan boshlab oilalar ortasida ajrashish ko’payishni boshlagan va 2011 yildan boshlab ajralish keng tarqalib bormoqda.

Buxoro va Xorazm viloyatlari
Hammamizning faxrimiz bo’lgan Al-Buxoriy va al-Xorazmiy tug’ilib ijod qilgan Buxoro va Xorazmdagi oilalar ahvoli qanday. Xorazmda ham, Buxoroda ham ajrashish darajasi deyarli 2 baraboriga ko’paygan. Asrmizning boshida Xorazmda yiliga 700 ga yaqin oilalar ajrashgan bo’lsa, o’tgan yili 1,027 ta oila o’z taqdirini boshqa boshqa tarafga burgan. Buxoroda yiliga o’rtacha 557 ta oila ajrashadi. 2019 yilda esa 1,724 ta oila rasman ajrashgan. Bu yerda ham borgan sari ko’proq oilalar taqdiri nihoyasiga yetmoqda.

Sirdaryo va Jizzax viloyatlari
Poytaxtga eng yaqin viloyatlarda, ya’ni, Jizzax va Sirdaryoda ham deyarli bir xil holat. 2011 yildan boshlab Sirdaryoliklar, 2012 yildan boshlab Jizzaxliklar orasida ajrashish ko’payib bormoqda. Boshqa viloyatlardan farqli ravishda bu ikki viloyatda 2012 yildan beri yillik ajrashishlar soni hali bir marotaba ham kamaymagan.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari
Agar Adham Soliyevning “Qashqadaryodan surxondaryoga” degan qo’shig’iga quloq solsak, qashqadaryo va surxondaryoliklar orasida oila qurish keng rusum olgandek tuyuladi. Bu ikki viloyatda balkim ajrashishlar ko’paymayotgandir?. Yo’q. Bu yerda ham ajrashishlar borgan sari ko’payib bormoqda. Yiliga o’rtacha 1,170 ta Qashqadaryolik oilalar va 960 ga yaqin Surxondaryolik oilalar ajralishlarga yuz tutmoqda. Bu yerda ham 2010 yildan boshlab ajralishlar soni keskin ko’payib bormoqda.

Ajralishlar qishloqlarda ko’pmi yoki shaharlardami?
Mamlakatimiz aholisning yarmidan ko’pi shaharlarda istiqomad qilganidek, ajralishlar soni ham shaharlarda qishloqlarga nisbatan ancha ko’p. Shaharda ajralishlar soni deyarli 2 barobarga ko’p. Ammo ajralishlarning ko’payishi qishloqqa ham yetib borgan. 2013 yildan boshlab ham shaharda va ham qishloqda oilalarning ajrashish darajasi ko’paygan.

Respublika bo’ylab ajrashishlar
Yuqorida viloyatma-viloyat ko’rib chiqqan ajrashishlar tendensiyasini umumlashtirib qarasak O’zbekistonda 2013 yildan boshlab ajralishlar soni birdaniga ko’payishni boshlagan. Bu holat deyarli hamma viloyatda, shahar va qishloqlarda kuzatilmoqda. 2000 yilda butun respublika bo’ylab 20,000 yaqin oilalar taqdiri o'z nihoyasiga yetgan bo'lsa, 2019 yilda 31,000 dan ko’proq oilalar taqidiriga nuqta qo’yilgan.

Xulosa
Kuzatishlarimizning yakunida shuni eslatib o’tmoqchimizki, yuqorida keltirib o’tilgan statistika ma’lumoti asosan raqamlardan iborat bo’lsada, ularning har biri butun bir oilani anglatadi. Biz bunga shunchaki raqam sifatida qaramaymiz. Shuningdek, ajrashish xoh kelishilgan bo’lsin, xoh bir tarafning ixtiyori bilan bo’lgan bo’lsin, yoki yaxshilikka olib kelgan bo’lsin, uning yakuni har doim ikki insoning tarixida bir dog’dek qoladi. Juft jamoasining maqsadi esa yurtdoshlarimiz qalbiga shunday dog’ tushishini kamaytirish, do’g tushgan qalblarga esa ikkinchi imkoniyat mezonini yaratishdir.
#juft #juftuzbeksitan #ajrashishlar #ajrashish #tanishish #uchrashuv #tanishuv