top of page
Search

Nega O'zbek oilalarida ajrashishlar ko'paymoqda?

Updated: Dec 25, 2020

Oldingi postimizda O’zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida ajrashish ko’payib borayotgani haqida yozgan edik. Bu safar O’zbekistonliklarning ajralish yo’lini tanlashga majbur qilayotgan sabablarni o’rganamiz. Har bir oila, har bir juftlik betakror va uning muammolari ham o’zgacha. Statistik ma’lumotlarning yo’qligi tufayli bu muammoga subyektiv yondashishdan boshqa ilojimiz yo’q. Bu sabablarni qonun-qoida sifatida emas balki bilib-qo'ygan-yaxshi degan tariqasida o’qishni taklif qilamiz.


Ilgarigidek 40-50 yil birga yashash bugungi kunda noyob holatga aylanib bormoqda. Buning sababi nafaqat yoshlar sovchilikdan ko’ra sevib oila qurishni istashlari, balki O’zbeklarning hayotida yuz berayotgan sotsial, iqtisodiy va demografik o’zgarishlardir. Internet va smartfonlarning hayotimizga kirib kelishi hayot tarzi va huquqlarimiz haqida tushunchamizning ortishi, ayollarning moliyaviy mustaqil bo’lishi hamda sifatli hayotga intilish oila qurishga yangicha yondashishni talab etmoqda. Shu bois oilalarning o’zaro ajrashishiga olib kelayotgan eng muhim 6 ta sababni o’rganib chiqamiz.



1. Qaynona-kelin munosabatlari


Bu klassik O’zbek muammosi. Kino va adabiyotlar asosan aynan qaynona-kelin mojarolariga asoslanadi. Muammo shundaki aksariyat qaynonalar turmushga chiqib og’ir sharoitlarni boshlaridan kechirishgan. Bugun sharoit ancha yaxshi, yoki kelin o’gir sharoitga moslashmagan bo’lishi mumkin. Bu holat ularning ikkisi o’rtasida o’zaro konflikt uy’gotadi. Yoki er yangi uylangan ayolining ko’nglini topishni istaydi, unga alohida e'tibor beradi. Ehtimol bunday e'tibor qaynonaga oldin qaynota tomonidan qilinmagandir. Bu ba’zi qaynonalar orasida rashk hissini uyg’otadi. Yana boshqa sabab qaynonalar avallari faqat mehnat qilishgan, va o’zlari uchun vaqt ajratib hobbi kabi sevimli mashg’ulot bilan shug’ullanishmagan. Kelin kelib ishlar kamayib vaqt ko’payganda ko’pchilik qaynonalarda bo’sh vaqt vujudga kelib kelinining ishlariga aralashishadi. Qars ikki qo’ldan chiqadi. Kelinlar ham ba’zida turmushga chiqqan dugonalari kechirgan qiyinchiliklarni eshitib ulardan “maslahat” olishadi, yoki onalari tarafidan “strategik” yo'naltiriladi. Bu hali yo'q muammoni oldindan sun'iy ravishda qizning xayolida paydo bo’lishiga ham sabab bo’ladi. Bu ikki inson o’rtasidagi munozara va tushunmovchilikning ming xil sabablari bo’lishi mumkin. Lekin, bu muammo sekin astalik bilan kamaymoqda. Bugungi kunda yosh qaynonalar kelinlar bilan kamroq aloqada bo’lish orqali konfliktlarni kamaytirishmoqda. Yangi avlod ulg’aygan sari bu muammo kamayib boraveradi.



2. Iqtisod


Biz bu muammoni ikkinchi eng muhim muammo deb hisoblaymiz. Aslida ham ko’p janjal va kelishmovchiliklarning zamirida iqtisodiy yetishmovchilik yotibdi. O’zbek oilasida erkak kishi oila boshidir. Lekin bunga asos uning oila uchun non topib kelishi, oilani moddiy va ma'naviy ta'minlashi, ya’ni suyanadigan to’gi bo’lishi omil bo’lib kelgan. Bugungi kunda bir kishining topishi oilaning barcha talablarini qondira olmayapti. Ayol kishi bu masalada yordamchi bo'lish uchun er kabi ishlamoqda. Haqiqatdan ham er-xotin qo’sh ho’kiz deganlari bejiz emas. O’zbek ayoli endi iqtisodiy, aqlan va ma'naviy tomondan mustaqil bo’lib bormoqda. Oiladagi ma’suliyatlar ham bo’linib ayollarning yelkasiga yuklanmoqda. Bu o’zgarish tabiiy jarayondir va oilaning barqarorligiga yordam beradi. Ammo bu dinamika oldin bo’lmagan. Erkak kishi yoshligida ko’rib katta bo’lgan oila obraziga zid kelmoqda. Va u o’z “pozitsiyasi” zaiflashishini istamaydi, uni saqlab qolishga kurashmoqda,ba’zida bilib, ba’zida bilmasdan. Natijada, ayolini majburan uyda o’tqazib qo’yish, o’qitmaslik, zo’ravonlik qilish, hatto jismonan ozor berib uyda kim “xojayin” ekanini bildirib qo'ymoqda. Bu “pozitsiya” uchun kurash ayniqsa erning yaqin do’stlari atrofida kuchayishi mumkin. Chunki bu erning jamiyatdagi statusida. Ba’zi erkaklar bu holatni realistik baholashmoqda, tushunib ayollariga kerakli huquq-erkinliklarni berishmoqda. Aks holda buzilgan balans tufayli turli xil janjallarning keti uzilmaydi. Ba’zi ayollar erning azobiga chidaydi, ba’zilari esa erkin hayotni tanlab ajrashadi. Bizning fikrimizcha er-xotin tushunmovchiligi kabi muammolarning negizida iqtisodiy beqarorlik yotibdi.



3. Muhabbatning yo’qligi yoki passiv jinsiy hayot


Muhabbat bo’lsa barcha qoidalar buziladi, u bo’lmasa hamma qoidalar qo’yiladi. Bu gapda jon bor. Bir eslab ko’ring, sevgan insoningiz nima qilsa ham sizga yoqaverardiku. Mustahkam oilaning asosi muhabbatdir. Xalqimizda ota-ona rayiga qarab oila qurish keng tarqalgan. Ha, bu holatda ham keyinchalik muhabbat paydo bo'lishi mumkin. Tibbiyot va psixolog olimlarning fikriga ko’ra ilk nikoh kechasi qilingan harakat kuyov bilan kelinning ruhiyatiga ta’sir qiladi. Muhabbatning isib borishi yoki sovub borishi ham mana shundan boshlanadi. Ayol kishi va erkak kishi o’rtasidagi aktiv jinsiy hayot ular o’rtasida iliqlikni uyg’otadi, bog’lanishni yaratadi. Ish tufaylimi, yoki ko’chadagi “imkoniyatlar” tufaylimi yoki bo’lmasam ko’ngil tortmasligimi bilmadik, lekin oilalarning ajrashishiga sabab bo'ladigan asosiy omillardan biri bu - er va xotin orasida jinsiy aloqalarning kamligi yo’ki umuman yo’qligidir.



4. Farzandsizlik


Oila qurishdan ko’zlangan birinchi maqsad naslimizni davom ettiruvchi zurriyotlarni dunyoga keltirishdir. O’zbegim farzandsevar va oilasi katta bo’lishini istaydi. Ammo farzand ko’rish hamma juftlikka ham nasib etavermaydi. Endigina oila qurgan O’zbek juftligiga tez farzand ko’rish yozilmagan qonun. Yillar o’tgan sari ayolga bo’lgan bosim, yoki uning o’zi ichidagi aybdorlik hissi kuchayib boradi. Ma’lum muddat o’tgach er xotin kelishib ajrashadi. O’ylaymizki vaqt o’tishi bilan bu muammo ham yechimini topadi. Kelajakda shamollashlarni tuzatish, eko va tibbiyotdagi boshqa ilg’orliklar bepushlikni davolab oilalarni ajrashishlarini kamayishiga sabab bo’ladi deb umid qilamiz.



5. Kam muloqot qilish


Hayot murakkab, erkak kishida ham ayol kishida ham hayot davomida o’ziga yarasha shaxsiy muammolar paydo bo’ladi. Bu muammolarni ichga yutish eng katta xatodir. Ichga yutish nafaqat xafagarchilik va passiv agressivlikka olib keladi, balkim stress, depressiya va psixikaning buzilishiga ham sabab bo’ladi. Ko’p eshitamiz “eri ichar ekan”, “eri urar ekan”, “eri psix ekan” deb. Bular inson o’z ichki holatini tashqa harakatlar bilan ko’rsatishidir. Balkim shunaqa erlar ichida o’zini keraksiz, omadsiz, yoki ayoliga noloyiq deb his etib zo’ravonlikka berilar. Izlanishlar shuni ko’rsatadiki bir biri bilan ko’p va ochiq, nozik muammolar ustida suhbat qura oladigan oilalarning rishtalari chuqurlashadi va ular suhbat orqali o'zlarini yengil his qilishadi, bir birlariga muhabbatlari kuchayadi. Yuqorida aytib o’tganimizdek, O’zbek yigiti o’z muammolarini ayoliga aytmaydi. G’ururi yo’l qo’ymaydi. Buni kuchsizlik deb hisoblaydi. Va ichiga yutadi. Shu holat ayol kishida ham bo’lishi mumkin. Inson uzoq muddat ichiga yutib yura olmaydi, u albatta yoriladi. Bu yorilish har xil tus olishi mumkin. Kimdir ichkilikkar berilsa, kimdir xotinini uradi, kimdir esa Allohga murojaat qilib qalbini bo’shatadi va kimlardir “tungi kapalaklar”ga qalbini ochadi. Er xotin o’rtasida ochiq muloqot kamligi o’zbek juftliklarini sovushiga va ajrashishlarni ko’payishiga sabab bo’ladi deb o’ylaymiz.

6. Ikkinchi ro’zg’or yoki xiyonatkorlik


Islomda 4 tagacha nikoh mumkin degan gap kimlargadir hayot shiori, yana kimlardir ko'chada yengiltak qizlar ko'pku, uylanib nima qilasan deydi. Nima bo’lganda ham O’zbek erlarining orasida “qo'shimcha” ayolga intilish bor. Bu kabi ishlarning yaxshi yomonligi haqida hukm chiqarish bizga emas. Biroq, juftiga xiyonat qilish ko’paymoqda. Bu to’g’ridan to’gri oilalarning buzilishiga sabab bo’lmoqda. Yana eslatib o’tamiz balkim oldinlari erkaklar kamroq “yurishgan” yoki ayollar ko’p xotinlikka chidab yashashgan. Bugungi kunda bu nomer o’tmaydi. Mustaqil o’zbek ayollari xiyonatkor erdan ajrashishni ma'qul ko’rishmoqda.


Xulosa


Postimizning yakunida shuni aytmoqchimizki oilalarni barbod qilayotgdan, yuqorida keltirilmagan minglab sabablar mavjud. Sizning fikringizcha yana boshqa sabablari ham bo'lsa, u sabablar haqida biz bilan ham o'rtoqlashing. Oila qurish hech kimga davomiylikni kafolatlab bermaydi, lekin biz oila qurishdan avval shoshmaslikka, o’z juftingizni ko’rib, bilib, tekshirib, eng asosiysi sevib oila qurishni maslahat beramiz.

46 views0 comments
bottom of page